Saudiya Arabistoni Haj-2026 mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan Umra ziyorati uchun vizalar berishni rasman to‘xtatadi. Bu haqda mamlakat Haj va Umra vazirligi saytida e’lon qilindi.
Cheklovlar 2026-yil 19−21-mart kunlari kuchga kiradi. Bu ziyoratchilar oqimini tartibga solish uchun vaqtinchalik chora bo‘lib, asosiy haj tugagunga qadar davom etadi.
Haj mavsumi davomida qirollikka sayohat qilish uchun turistik vizalardan foydalanish mumkin, ammo bu vizalar bilan Umra amallarini bajarish cheklanishi ehtimoli bor.
Viza olishning oxirgi kuni 19-mart, kirishning oxirgi kuni 2-aprel va barcha Umra vizasiga ega ziyoratchilar 18-aprelga qadar mamlakatni tark etishlari kerak.
Avvalroq O‘zbekistonda Haj va Umraga borish uchun yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Portalda Hajga boruvchi fuqarolarning yagona elektron navbati, Umraga yuboriladigan ziyoratchilarning esa elektron ro‘yxati muntazam shakllantiriladi.
Joriy yil 1-fevraldan boshlab Hajga, 1-maydan Umraga olib borish Haj va Umra yagona portalida majburiy ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi.
Portal orqali navbatga qo‘yish, ziyoratchilar haqidagi ma‘lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash, shuningdek, jarayonlarni monitoring qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Ziyoratchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni portalga kiritmasdan ushbu tadbirlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni Haj-2026 mavsumida Haj vizasini berish shartlarini kuchaytirdi.
Unga ko‘ra, endi ziyoratchida Nusuk platformasidan olingan sog‘lomlik to‘g‘risida tibbiy guvohnoma bo‘lgan taqdirda unga Haj vizasi beriladi.
Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yuklagan. Bu talab ziyoratchilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q.
