AQSHga noqonuniy immigratsiyani tashkil etishda ko‘maklashayotgan O‘zbekiston fuqarolariga viza cheklovlari joriy etildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Cheklovlar vizalarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi ikki o‘zbek kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimli mansabdorlariga taalluqli hisoblanadi.

Qayd etilishicha, ular AQSHga noqonuniy ko‘chib o‘tishni maqsad qilgan xorijliklarga ataylab “turistik xizmatlar” ko‘rsatganlikda ayblanmoqda.

Mazkur choralar Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning (INA) 212(a)(3)(C)-bandiga muvofiq qo‘llanmoqda. Ushbu norma AQSH tashqi siyosatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishini taqiqlash imkonini beradi.

Tergovlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistondagi shaxslar AQSHga noqonuniy immigratsiya qilishni rejalashtirgan xorijliklarni, jumladan voyaga yetmaganlarni, aeroportlar va chegaralar orqali Markaziy Amerikadagi tranzit nuqtalariga yetkazishni faol muvofiqlashtirgan. Ularning ko‘pchiligi keyinchalik AQSHga noqonuniy kirishga uringan paytda aniqlangan.

“AQSH milliy xavfsizligi yoki immigratsiya qonunchiligini buzishga qaratilgan har qanday urinishlarga toqat qilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Departament noqonuniy immigratsiyadan foyda ko‘rayotgan shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’minlaydi hamda chegaralar va milliy xavfsizlikni himoya qilish maqsadida kontrabanda tarmoqlariga qarshi faol kurash olib boradi.

Shuningdek, AQSH noqonuniy immigratsiyani qo‘llab-quvvatlovchi jinoiy tarmoqlarga qarshi kurashda yaqin hamkorlik qilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga chuqur minnatdorlik bildiradi.

AQSH 21-yanvardan O‘zbekiston va yana 74 davlat fuqarolariga immigrant vizasi berishni to‘xtatdi.

Bu qaror kelgusida “davlat zimmasiga yuk” bo‘lishi mumkin bo‘lgan muhojirlarga nisbatan talablarni kuchaytirgan umumiy farmon doirasida qabul qilingan.

Avvalroq AQSH 38 mamlakat fuqarolariga viza berish uchun garov joriy qilgandi.

Ular orasida Turkmaniston va Tojikiston ham bor bo‘lib, garov miqdori $5−15 mingni tashkil etadi. Ariza beruvchi viza muddati tugashidan oldin AQSHni tark etsa, pul qaytariladi.

Shuningdek, AQSH Davlat departamenti 2025-yilda 100 mingta vizani bekor qilgani haqida xabar berilgandi.

Ko‘rsatkich 2024-yilda Jo Bayden prezidentlik qilgan ma’muriyat davrida bekor qilingan vizalar sonidan ikki barobar ko‘pdir.