Avvalroq prezident Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Unda intellektual loyihalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha tizimni Qoraqalpog‘istondan boshlash belgilandi.

Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazida IT universiteti va startaplar uchun texnopark tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirishga $5 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, ma’lumotlarni qayta ishlash, “bulutli” ma’lumotlar va hisoblash markazlari imkoniyatlaridan foydalanish darajasi 10 karra oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘istonda $1 mlnlik 10 ta startap loyihasini boshlash, bu maqsadlarga Ilm-fan va innovatsiyalar jamg‘armasidan har yili 30 mlrd so‘mdan ajratib borish topshirildi.

Yig‘ilish yakunida Shavkat Mirziyoyev belgilangan rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va resurslarni to‘liq ishga solish, hududning har bir tuman va mahallasida aniq hisob-kitob hamda manzilli yondashuv asosida ish tashkil etish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, aholi turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy natijasini tezroq ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘tgan yilning oktabr oyida o‘tkazilgan prezident raisligidagi yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonda $100 mlndan ortiq qiymatga ega raqamli infratuzilma obyektlari 1 kVt soat uchun 5 sent narxida (hozirda 1 kVt soat uchun 1000 so‘m, bu — 8 sentdan ortiq) elektr energiyasi olishi maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, oktabr oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Qoraqalpog‘istonda mayning uchun elektr energiyasining imtiyozli tarifini eʼlon qilgandi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning data markazlar makoniga aylanishi haqida gapirgandi. Vazir investorlarga yengillik berish orqali hududga ko‘plab kompaniyalarni jalb qilish mumkinligi, bu startap ekotizimining rivojlanishiga va yoshlarning qiziqishiga turtki berishini aytdi.

Avvalroq startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.