20-fevral kuni AQSH Oliy sudi Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan bojlarning aksariyatini noqonuniy deb topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, prezident AQSHga import qilinadigan tovarlarga boj joriy etishda o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqqan. Qaror uch nafar sudyaga qarshi olti nafar sudya ovozi bilan qabul qilindi.

RBK nashrining yozishicha, AQSH Konstitutsiyasi import tariflarini belgilash bo‘yicha mutlaq vakolatni Kongressga beradi. Biroq Tramp 1977-yildagi Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) dan foydalanib, ushbu cheklovni chetlab o‘tgan.

Xususan, Oliy sud qarori bojlarning bir qismini qamrab oladi. Ular orasida dunyoning aksariyat davlatlariga, jumladan O‘zbekistonga nisbatan joriy etilgan “ko‘zgu” bojlar, AQSHga giyohvand moddalar kontrabandasi sabab Xitoy, Kanada va Meksikadan import qilinadigan tovarlarga qo‘yilgan 25% lik bojlar, shuningdek, Rossiyadan neft sotib olishga javoban Hindistonga qarshi “ikkilamchi” bojlar bor.

Bundan keyin Donald Tramp dunyoning barcha mamlakatlariga qarshi qo‘shimcha boj joriy etilishini ma’lum qildi.

“Men uchun Oval kabinetda dunyoning barcha mamlakatlari tovarlariga 10% lik boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolash katta sharafdir, u deyarli darhol kuchga kiradi”, — deb yozdi u Truth Social’da.

Oq uyda aniqlik kiritilishicha, prezident vaqtinchalik import boji joriy etish to‘g‘risidagi proklamatsiyani imzolagan. Uning maqsadi — “xalqaro to‘lovlar tizimidagi fundamental muammolarni hal etish hamda savdo munosabatlarida muvozanatni tiklash orqali amerikalik ishchilar, fermerlar va ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish”.

AQSH prezidenti 1974-yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-bo‘limidan foydalangan bo‘lib, bu unga import bojlari joriy etish huquqini beradi. Biroq, ularning amal qilish muddati 150 kun bilan cheklangan va shundan so‘ng Kongress tasdig‘i talab etiladi.

Yangi boj Toshkent vaqti bilan 24-fevral kuni soat 10:01 dan kuchga kiradi. “AQSH iqtisodiyoti ehtiyojlari yoki xalqaro to‘lovlar muammolarini samaraliroq hal etish maqsadida” ayrim tovarlar uchun istisnolar belgilangan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 2027-yilgacha 20 turdagi xomashyo importi uchun bojlarni pasaytirgani haqida yozgandi.