Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan taʼminlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi 81%ni tashkil etmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda 1756 ta paxta terish mashinasi xarid qilindi va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52%ga yetdi. O‘tgan mavsumda 2,1 mln tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qo‘l mehnati 1,8 barobar qisqardi.
Navbatdagi vazifa — paxtani mashinada terish ulushini kamida 70%ga yetkazish. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xo‘jaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan $400 mln jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18% stavkada berilib, kredit stavkasining 8%i budjet hisobidan qoplab beriladi.
Taqdimotda mamlakatda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani taʼkidlandi.



2026−2028-yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10%ga oshirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, 2026-yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028-yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30−35%ga, osma va tirkamali texnikada 60−65%ga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25%dan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda.
Taqdimotda talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15%ini qoplash uchun 660 mlrd so‘m subsidiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq fermerlarga paxta yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi. Imtiyozli kreditlardan 50% dan foydalanadigan fermerlarga sotilgan paxta qiymatining 5%i subsidiya sifatida qaytariladi.


