Hindistonning Sarvam startapi OpenAI, Anthropic va Google kabi global o‘yinchilar bilan raqobat qilish uchun veb va mobil foydalanuvchilar uchun o‘zining Indus Chat ilovasini ishga tushirdi.

Mazkur loyiha Hindiston generativ sun’iy intellektni joriy etish uchun asosiy kurash maydoniga aylangan bir paytda ishga tushirilmoqda.

Yaqinda OpenAI bosh direktori Sem Altman Hindistonda ChatGPT’ning haftasiga 100 mlndan ortiq faol foydalanuvchisi borligini aytgandi.

Anthropic kompaniyasi Claude’dan umumiy foydalanishning 5,8%i Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelishini va bu borada mamlakat faqat AQShdan ortda qolayotganini ma’lum qildi.

Indus ilovasi kompaniyaning 105 mlrd parametrga ega bo‘lgan yirik til modeli — yaqinda e’lon qilingan Sarvam 105B uchun chat interfeysi vazifasini bajaradi.

Ilovaning ishga tushirilishi shu hafta boshida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan “India AI Impact Summit” sammitida Bangalorning “Sarvam” kompaniyasi o‘zining 105B va 30B modellarini taqdim etganidan ikki kun o‘tib yuz berdi.

Sammitda startap, shuningdek, korporativ sektordagi tashabbuslar va uskunalarni ishlab chiqish rejalari haqida so‘zlab, Nokia tugmachali telefonlariga sun’iy intellektni joriy etish uchun HMD bilan hamda sun’iy intellektga ega avtomobil ilovalari uchun Bosch kabi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishini e’lon qildi.

Hozirda iOS, Android va veb-versiyada mavjud bo‘lgan Indus ilovasi foydalanuvchilarga so‘rovlarni kiritish yoki talaffuz qilish hamda javoblarni matn va audio shaklida olish imkonini beradi. Foydalanuvchilar telefon raqami, Google yoki Microsoft hisobi yoki Apple ID orqali tizimga kirishlari mumkin, ammo hozircha xizmat faqat Hindistonda mavjud.

Hozirda ilovaning ayrim cheklovlari mavjud. Foydalanuvchilar o‘z hisobini o‘chirmasdan turib chatlar tarixini tozalay olmaydi. Shuningdek, ba’zida javob berish vaqtini sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan ilova xatti-harakatlarini tahlil qilish funksiyasini o‘chirib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, “Sarvam” kompaniyasi hisoblash quvvatlari bosqichma-bosqich kengaytirilishi sababli ilovadan foydalanish cheklanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.


Avvalroq Spot ChatGPT reklamalarni ishga tushirayotgani haqida yozgandi.

Reklama Free va Go obunasini rasmiylashtirgan foydalanuvchilar uchun sinovdan o‘tkazilmoqda.