Toshkentda 2 gektar yerni $9 mlnga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Toshkent shahrida yashovchi 73 yoshli ayol o‘zining tanishi bilan Yunusobod tumanidagi tadbirkorga tegishli bo‘lgan, lekin, hozirda taqiqda turgan 2 gektar noturar yerni xaridorga 9$ mlnga sotishga kelishgan.

Ular mansabdor tanishlari orqali barcha hujjatlarni tayyorlab, yerni turar-joy toifasiga o‘tkazib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga oldindan $200 ming olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 1-qismi (Pora berish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Buxoroda $600 ming evaziga davlat zaxirasidagi yerni olib bermoqchi, shuningdek, Jizzaxda hokimlik zaxirasidagi yerni $50 mingga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.