2025-yilda O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb $47 mlrdga yaqinladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytidagi ma’lumotlarda keltirilgan.
O‘tgan yil davomida davlat qarzi 2024-yilga nisbatan 16,5% yoki $6,64 mlrdga o‘sib, $46,85 mlrdni tashkil etdi. Uning yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan ulushi esa 31,9% ga yetdi.
Davlat qarzining asosiy qismi — 85% i tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar-dekabr oylarida uning hajmi $6,09 mlrdga (+18,07%) o‘sib, $39,82 mlrdni tashkil etdi. Ichki qarz esa $541 mln o‘sish bilan $7,25 mlrdga (+8,4%) yetdi.
Tashqi qarzning qariyb yarmi — $19,84 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilgan. Shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasiga $5,6 mlrd (14%), sog‘liqni saqlash, ta’lim va IT — $3,51 mlrd (9%), qishloq va suv xo‘jaligi — $3,34 mlrd (8%), uy-joy kommunal xo‘jaligi — $3,18 mlrd (8%) hamda transport va transport infratuzilmasiga $3,06 mlrd (8%) ajratilgan.
2025-yilda tashqi qarz tarkibida kreditorlar qatorida xalqaro moliya institutlari $22,31 mlrd yoki jamiga nisbatan 56% bilan yetakchilik qildi:
- Jahon banki — $8,95 mlrd (tashqi qarzning 22%i);
- Osiyo taraqqiyot banki — $8,35 mlrd (21%);
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,3 mlrd (6%);
- Islom taraqqiyot banki — $1,06 mlrd (3%);
- Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $638 mln (2%);
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $457 mln (1%);
- boshqa XMIlar — $582 mln (1%).
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 29% — $11,66 mlrdni tashkil etadi:
- Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,91 mlrd (10%);
- Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $2,99 mlrd (8%);
- Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,35 mlrd (3%);
- Germaniya (Germaniya davlat banki) — $739 mln (2%);
- Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $722 mln (2%).
Davlat tashqi qarzining 15%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar-dekabr oylarida xalqaro obligatsiyalar hajmi $1,7 mlrdga oshib, $5,85 mlrdni tashkil etdi.
2025-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $11,3 mlrdga oshib, $75,4 mlrdga yetgandi. Uchinchi chorakda davlat tashqi qarzi $37,4 mlrdga, korporativ tashqi qarz esa $38 mlrdga ko‘paygan.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining izoh berishicha, davlat tashqi qarzi YIMning taxminan 26%ini tashkil etadi, bu makroiqtisodiy barqarorlik uchun taxminiy xavf chegaralaridan (XVF tavsiyalariga ko‘ra 60% — Spot) ancha past.
Vazirlik tashqi qarzlar aholi turmush darajasini yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltirilayotganini bildirdi. 2017-yildan buyon jalb qilingan mablag‘lar hisobiga transport, energetika, kommunal xizmatlar va qishloq xo‘jaligi sohalarida yirik modernizatsiya loyihalari amalga oshirildi.
Markaziy bankka ko‘ra, 2025-yilda so‘mning mustahkamlanishi davlat va korporativ tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini o‘rtacha 6−7% gacha qisqartirgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qariyb $40 mlrdga yetgani haqida yozgandi.