O‘zbekistonda endilikda turistik loyihalar atrof-muhit va suv resurslariga ta‘siri jihatidan baholanadi. Bu haqda 21-fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Toshkent viloyati tadbirkorlari bilan ochiq muloqotda ma‘lum qildi.

Ismini aytmagan tadbirkor Bo‘stonliq tumanidagi Amirsoy hududida joylashgan yaylov yerlaridan 17,5 gektar yer ajratishni so‘radi. Yer toifasi o‘zgartirilgach, u yerda mehmonxonalar va dam olish maskanlari qurish rejalashtirilgan.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev unga “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga murojaat qilib, sotuvga qo‘yilgan umumiy maydoni 220 gektarlik yer uchastkalaridan birini, jumladan, Yusufxona va Amirsoydagi yerlarni sotib olishni taklif qildi. Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida yana 100 gektar yer auksionga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

“Hurmatli tadbirkorlar, Amirsoyga borib, ko‘zingizga chiroyli ko‘ringan yaylovni „auksionga chiqarilsa, olsak bo‘larkan“, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Bunday zamonlar tugadi. Endi har bir yerning ekologiya va suvga zarari [o‘rganiladi]. Mana o‘zlaringiz ham shuncha o‘qidingiz-ku, bitta loyiha boshlanishidan oldin mehmonxona va boshqa obyektlar qurilishiga qancha e‘tirozlar bo‘ldi. Undan keyin ekologik ekspertiza o‘tkazilib, suv oqova tizimi qanday bo‘lishi o‘rganib chiqildi. „Auksionga chiqib, yaylovga mehmonxona qurib yuboraman“, deb o‘ylasangiz, adashasiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Toshkent viloyati hokimi Amirsoy tog‘ kurorti cho‘qqilarida 3200 gektar yer borligini, ularda qulupnay, malina va maymunjon yetishtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilinganini tushuntirdi. “Bu yerda hech qanday qurilish va mehmonxonalar bo‘lmaydi”, — deya ta‘kidladi u va tadbirkorga malina hamda maymunjon ekish uchun yer olish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

“Bo‘stonliqda odam boshiga bittadan mehmonxona bo‘lib ketdi. Endi buyog‘iga faqat Parkentni [rivojlanamiz]. Marhamat Parkentga qiziqadiganlar bo‘lsa, boramiz — 5560 gektar tayyor, uning yonida esa yana 400 gektar yer bor. Parkentda do‘ppini otib, yana nariroqqa borib, azgina qo‘shib oladigan darajada yerlarimiz ko‘p”, — deya so‘zini yakunladi hokim.

Jamshid Xodjayev turistik loyihaga doir e‘tirozlar haqida gapirganda, Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. 2025-yilning yozida bosh vazir o‘rinbosari mazkur loyiha bo‘yicha Respublika ishchi guruhiga rais etib tayinlangan edi.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda quyidagilar topshirilgan:

  • suvni muhofaza qilish va sohilbo‘yi mintaqasiga doir talablarga rioya qilinishi;
  • muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suvni muhofaza qilish va sanitariya zonalarida qurilish olib bormaslik;
  • Chorvoq suv omboriga oqova suvlarni tashlashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat‘iy nazorat o‘rnatadi.

Avvalroq Navoiyda turizm qanday rivojlantirilishi haqida xabar berilgandi.