O‘zbekiston keyingi besh yilda 16 ta xorijiy davlat bilan vizasiz rejim joriy qilishni rejalashtirmoqda. Bu 16-fevral kuni prezident tomonidan tasdiqlangan yangilangan O‘zbekiston-2030 strategiyasida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz kirish mumkin bo‘lgan mamlakatlar sonini amaldagi 34 ta davlatdan 50 taga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. 2026-yilda bunday mamlakatlar soni 36 ta, 2027-yil — 38, 2028-yil — 42 hamda 2029-yil 46 tani tashkil etishi kerak.

2030-yilda yana 4 ta mamlakat bilan kelishuvga erishish orqali vizasiz sayohat qilish mumkin bo‘lgan davlatlar soni jami 50 taga yetkaziladi.

Shu bilan birga, o‘zbekistonliklar hamda diplomatik pasport egalari uchun soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni kengaytiriladi: 2026-yil 45 taga, 2027-yil — 48 ta, 2028-yil — 52 ta, 2029-yil — 55 ta hamda 2030-yilda jami 60 taga. Hozirda bunday mamlakatlar soni 42 tani tashkil etadi.

Konsullik xizmatlarini amalga oshiruvchi mobil platforma yaratish va raqamlashtirish orqali foydalanuvchilar sonini hozirgi 8,5 ming nafardan 2030-yilga borib jami 60 ming nafarga yetkazish belgilangan. Loyihada bu jami 100 ming foydalanuvchini qamrab olishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan tashqari, yangilangan strategiya loyihasida Markaziy Osiyodagi kamida 3 ta davlat bilan fuqarolarning chegaralardan ID-kartalar asosida erkin o‘tishi mumkin bo‘lgan kelishuvlarga erishish taklif etilgandi. Biroq qabul qilingan O‘zbekiston-2030 strategiyasidan ushbu band chiqarib tashlangan.

O‘sha vaqtda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov chegaradan xorijga chiqish pasportisiz o‘tish imkoniyati hozirda bu tartib amal qilayotgan Qirg‘iziston bilan birgalikda uchtaga yetkazilishini Spot’ga ma’lum qilgandi. “Hozirda qo‘shni mamlakatlarimiz bilan bu borada muzokaralar olib borilmoqda”, — degandi u qaysi mamlakatlar bilan kelishuv imzolanishiga aniqlik kiritmasdan.

O‘zbekiston 2025-yilning 1-iyunidan boshlab Xitoy, 25-sentabridan esa Iordaniya bilan vizasiz rejim joriy qildi. O‘zbekistonliklar har ikki davlat hududida 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.

Avvalroq Spot AQSH noqonuniy immigratsiyaga aloqador o‘zbekistonliklarga viza berishni cheklagani haqida yozgandi. Cheklovlar vizalarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanuvchi ikki o‘zbek kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimli mansabdorlariga taalluqli hisoblanadi.