OpenAI kompaniyasi bosh direktori Sem Altman sun’iy intellektni zudlik bilan xalqaro tartibga solish zarurligini aytdi. U 19-fevral kuni Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan AI Impact Summit konferensiyasida shunday chaqiriq bilan chiqdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoga Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikka o‘xshash sun’iy intellekt siyosatini muvofiqlashtirish bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro organ kerak. Bunday mexanizm, Altmanning fikricha, texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.

U kuchli sun’iy intellekt modellaridan ochiq foydalanish imkoniyati xavfli patogenlarni yaratish uchun qo‘llanilishi mumkinligidan ogohlantirib, puxta o‘ylangan himoya choralari zarurligini alohida ta’kidladi.

Shu bilan birga, Altman sun’iy intellektning bir kompaniya yoki davlat qo‘lida to‘planishi ham tahdid solishini qayd etdi. Uning fikricha, texnologiyalarni “demokratlashtirish” samarali tartibga solish mexanizmlari bilan uyg‘un bo‘lishi lozim.

OpenAI rahbari generativ sun’iy intellektning rivojlanishi ish o‘rinlarining yo‘qolishidan tortib, dipfeyklar va firibgarlikning tarqalishigacha bo‘lgan bir qator xavotirlarni keltirib chiqarayotganini tan oldi.

Biroq uning ta’kidlashicha, tarixiy tajriba jamiyatning texnologik o‘zgarishlarga moslashishini va bandlikning yangi shakllarini yaratishini ko‘rsatadi.

Avvalroq Altman ba’zi kompaniyalar qisqartirishni SI bilan izohlab, asosiy sababni yashirayotgani haqida aytgandi.

Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellektning “haqiqiy ta’siri” bir necha yil ichida sezilarli bo‘ladi — ba’zi kasblar yo‘q bo‘lib ketadi, ammo yangilari paydo bo‘ladi.