Toshkent viloyati, Qibray tumani hokimining mahalladagi yordamchisi $10 ming bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX xabar berdi.

U tuman hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va qambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi yordamchisi bo‘lgan.

Yordamchi mahalla binosi yonida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 4 sotix yerni xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $50 ming talab qilgan. Bu ishni u hokimlikda ishlovchi tanishlari yordamida arxiv hujjatlariga soxta maʼlumotlar kiritish orqali qilmoqchi bo‘lgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim yordamchisi so‘ralgan puldan $10 mingni olgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora olish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda tadbirkorning 2 gektar yerini $9 mlnga sotmoqchi bo‘lganlar ushlangandi.