Telegram asoschisi Pavel Durovning harakatlari Rossiyada terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish moddasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov qilinmoqda. Bu haqda 24-fevral kuni Rossiyskaya gazeta va Komsomolskaya pravda xabar berdi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yildan beri Telegramdan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarning umumiy soni 153 mingdan oshgan. Xususan, ularning 33 mingtasi qo‘poruvchilik-terrorchilik va ekstremistik yo‘nalishdagi jinoyatlardir.
FXX ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yildan beri Rossiyada Telegram orqali tayyorlangan 475 ta terrorchilik harakatining oldi olingan.
OAVning qayd etishicha, messenjerdan Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir etilgan va 149 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan teraktda ham foydalanilgan.
Bundan tashqari, Telegram orqali general-leytenant Igor Kirillovning o‘ldirilishi muvofiqlashtirilgani aytilmoqda.
Komsomolskaya pravda nashrining xabar berishicha, Telegram Roskomnadzorning 154 mingga yaqin kanal, chat, material yoki botni o‘chirish bo‘yicha talabini bajarmagan. Gap Rossiya qonunchiligini buzuvchi kontent haqida bormoqda.
OAVning qayd etishicha, 2026-yil 10-fevraldan boshlab Roskomnadzor joriy etgan cheklovlar tufayli Telegram trafigining sekinlashuvi 55% gacha oshgan.
“Qonunlarni mensimaslik, muloqotdan bosh tortish va amalda jinoyatchilarga yordam berish Telegram’ni Rossiyaning huquqiy maydonidan chetda qoldiradi”, — deyiladi Rossiyskaya gazeta materialida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Durovning harakatlari Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismida nazarda tutilgan terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish bo‘yicha ochilgan jinoiy ish doirasida tergov qilinmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, sakkiz yildan umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo tayinlanishi mumkin.
Roskomnadzor 2025-yil avgustidan boshlab Rossiya qonunchiligiga rioya qilinmagani sababli Telegram’ning mamlakatdagi faoliyatini cheklab kelmoqda. Dastlab regulyator qo‘ng‘iroqlar funksiyasini bloklagan, keyinroq esa “qisman cheklovlar” joriy qilgan.
Xuddi shunday choralar WhatsApp’ga nisbatan ham qo‘llanilgan edi. 2026-yil fevralida Durov messnjeriga qo‘yilgan cheklovlarga mediafayllarni yuklash tezligining pasayishi ham qo‘shildi.
Avvalroq Pavel Durovga Fransiyani erkin tark etishga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.
Unga nisbatan qo‘llanilgan chet elga chiqishni taqiqlovchi va Nitssa politsiya bo‘limida ro‘yxatdan o‘tishni talab qiluvchi choralar bekor qilingan.