Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda o‘zbekistonliklar elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida kamroq shikoyat qila boshlagan.
O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha Energetika vazirligiga 108,3 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Yil davomida ularning soni uchdan bir qismga yoki 53 ming donaga kamaydi.
Agar avval murojaatlarning aksariyati elektr energiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda yetakchilik tabiiy va suyultirilgan gazga o‘tdi — 41% ga nisbatan 45%.
Elektr energiyasi masalalari bo‘yicha 44 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi (o‘tgan yilga nisbatan -39,8%). Energetika obyektlarini (elektr uzatish liniyasi tayanchlari va transformatorlar) qurish hamda ta’mirlash masalasi eng ko‘p murojaatlarga sabab bo‘ldi — 17,4 mingta (-35,8%). Elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq holatlar esa 14 mingtani (-49,7%) tashkil etib, ikkinchi o‘ringa tushdi.
Boshqa masalalar qatorida elektr hisoblagichlaridagi nosozliklar (4598 ta murojaat, -16,6%), elektr energiyasi uchun to‘lovlar va qarzdorlik (3570 ta, -48,2%), elektr tarmog‘idagi past kuchlanish (2388 ta, -25,8%) hamda elektr ta’minoti xodimlarining xatti-harakatlari (1997 ta, -19,3%) qayd etildi.
Tabiiy va suyultirilgan gaz (propan) bo‘yicha murojaatlar soni 29% ga, ya’ni 67,9 mingdan 48,2 mingtaga kamaydi. Shikoyatlarning 40% dan ortig‘i gaz ballonlarini to‘ldirish bilan bog‘liq muammolarga to‘g‘ri keldi — 19,63 mingta (-33,4%). Ikkinchi o‘rinda turar joylarni gaz tarmoqlariga ulash va hisobvaraq ochish masalalari turibdi (7308, +2,6%).
Fuqarolar gaz hisoblagichlaridagi nosozliklar yuzasidan ancha ko‘p shikoyat qila boshladi. Bu boradagi murojaatlar 16,8% ga — 6184 tadan 7225 taga oshgan.
Keyingi o‘rinlardan tarmoqlardagi gaz bosimi (5101 ta, -56,6%), gaz uchun to‘lovlar va qarzdorlik (4802 ta, -10,5%) hamda yangi gaz balloni bilan ta’minlash (4186 ta, -48,4%) bilan bog‘liq masalalar o‘rin olgan.
Bundan tashqari, Energetika vazirligiga elektr energiyasi va gaz tariflari va narxlari bo‘yicha murojaatlar ikki baravar kam — 1077 ta kelib tushgan. Energetika sohasidagi boshqa masalalar bo‘yicha ham murojaatlar sonining 16,9% ga — 17,9 mingdan 14,9 mingtagacha kamayishi kuzatilmoqda.
Avvalroq energetika loyihalarini amalga oshirish uchun yer ajratish va toifasini o‘zgartirish jarayoni tezlashtirilishi haqida xabar berilgandi.
