Avvalroq prezident 23-fevral kuni O‘zbekneftgaz aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasiga mas‘ul o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezidentga O‘zbekneftgazning 2026-yilga mo‘ljallangan tabiiy gaz qazib olish rejasi taqdim etilganini ma‘lum qildi. Xususan, geologiya-qidiruv va ekspluatatsion burg‘ilash ishlarini bajarish, yangi konlarni o‘zlashtirish, shuningdek, yanvar-fevral oylaridagi yakunlar muhokama qilindi.

Yil boshidan buyon ikkita yangi gazkondensat koni aniqlandi. Bu 2026-yil uchun gaz qazib olish ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta‘minlaydi.

O‘zbekneftgazni transformatsiya qilish uchun davlat kompaniyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, xalqaro hisobotlar auditini o‘tkazish, xalqaro kredit reytinglarini yaxshilash va kredit to‘lovlarini restrukturizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Tabiiy gaz zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida salohiyatli investorlarni jalb qilish topshirildi. Bundan tashqari, tannarxni pasaytirish, rentabellikni oshirish hamda O‘zbekneftgazning moliyaviy holatini yaxshilash vazifalari qo‘yildi.

Kechagi yig‘ilishda kompaniya xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha quyidagi choralarni ko‘rayotgani ma‘lum bo‘ldi:

  • kompaniyaning markaziy apparati tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish va maqbullashtirish;
  • ishlab chiqarish xizmatlari, tovarlar va materiallar, shuningdek pudrat ishlari narxlarini qayta ko‘rib chiqish ishlarini boshlash;
  • kredit portfelini tartibga solishni amalga oshirish;
  • sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni boshqaruvdan chiqarish;
  • debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish bor.

Kompaniyani strategik rivojlantirish doirasida forenzik audit o‘tkazish, xaridlar jarayonlarini takomillashtirish, ESG tamoyillarini joriy etish hamda hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash ishlari tezlashtiriladi.

Avvalroq Behzod Normatov Prezident Administratsiyasida loyiha ofisi sho‘ba mudiri bo‘lgani haqida xabar berilgandi.