Avvalroq prezident yoshlar bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda dunyo aholisining 10%dan ortig‘i volontyorlik bilan shug‘ullanayotgani aytildi. So‘nggi yillarda mamlakatda volontyorlik faoliyatining huquqiy asosi yaratilgani, Volontyorlar maktabi, oliygohlarda markazlar tashkil qilinganining hisobiga O‘zbekistonda ham bunday yoshlar 5 karra ko‘paydi.

Ekologiya, tibbiy xizmat, ta‘lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishidagi volontyorlarning soni 100 mingdan oshdi.

Tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun vazirlik va idoralar rahbarlari, faol ko‘ngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tashkil qilish taklif etildi.

Yoshlar ishlari agentligida Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinadi. Ushbu jamg‘armaga har yili budjetdan 20 mlrd so‘mdan mablag‘ beriladi. Bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari ham mahalliy budjetdan 3 mlrd so‘mdan ajratadi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 mln so‘mgacha grant beriladi. Ko‘ngilli yoshlarga “ijtimoiy faollik kartasi” ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta‘lim, jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi ishtirokiga qarab, ball berib boriladi.

Har yili mamlakatda 270 mingga yaqin yangi oila paydo bo‘lmoqda.

“Yosh oilalar uchun eng avvalo nima kerak? Albatta, qulay va shinam uy-joy zarur. Shuni hisobga olib, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasini 14%dan oshgan qismi budjetdan qoplab beriladi”, — dedi prezident.

Axborot xurujlari avj olayotgan bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishi qayd etildi. Bu ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun tuzilgan Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi orqali eng iste‘dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma beriladi va bir yil davomida oyiga 20 mln so‘mdan haq to‘lanadi.

Eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmi qoplanadi.

Mutasaddilarga yangi o‘quv yiligacha eng yaxshi 100 ta asardan iborat kitoblar to‘plamini tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish topshirildi. Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 mln so‘mdan mukofot beriladi.

Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘konlari ochib, kitob savdosini oyiga 10 ming donadan oshirgan tadbirkorlarga uch yilga 1 mlrd so‘mgacha 7%li ssuda berish yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq olis hududlardagi o‘quv markazlariga ijtimoiy soliq 1%, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i 7,5% etib belgilanishi haqida xabar berilgandi.