O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning kuchga kirishini tezlashtiradi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev LinkedIn‘da yozib qoldirdi.

Bir kun avval bosh vazir o‘rinbosari Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Azizi bilan videokonferensaloqa formatida muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar hamda Afg‘oniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan “do‘stona va konstruktiv munosabatlar"ni qadrlashini ta‘kidladi. So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga o‘sib, 2021-yildagi $653 mlndan 2025-yilda $1,7 mlrdga yetdi. Umumiy maqsad — bu ko‘rsatkichni $5 mlrdga yetkazishdir.

Bundan tashqari, tomonlar mahsulotlarni ilgari surish uchun hududlararo aloqalar va infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, shourumlar va omborxonalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari va to‘qimachilik sohalarida sanoat kooperatsiyasi hamda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tashabbuslarni alohida ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning kuchga kirishini tezlashtirishga hamda investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldi.

Ramazon oyidan so‘ng tomonlar Kobul shahrida biznes-forum o‘tkazish va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish orqali amaliy formatdagi ishlarni davom ettirish niyatida.

afg'oniston, imtiyozli savdo, jamshid xodjayev, savdo, hamkorlik

2025-yil iyun oyida ISSV rahbari Laziz Qudratov Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Azizi bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Tomonlar imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni hamda 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan Savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik dasturini imzolagandi.

Yanvar oyi o‘rtalarida O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Oybek Usmonov ikki mamlakat o‘rtasidagi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ikki haftadan so‘ng ishga tushishini ma‘lum qilgandi.

“Hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston vazirliklari o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning kuchga kirishi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Xudo xohlasa, ikki hafta ichida [u ishga tushadi]”, — deya ta‘kidladi u biznes vakillari bilan ochiq muloqot chog‘ida.

Statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Afg‘oniston tovar ayirboshlash hajmi bo‘yicha Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreyadan keyin oltinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan yil davomida Islom respublikasi bilan savdo hajmi 47,4 foizga o‘sib, $1,13 mlrddan $1,67 mlrdga yetdi.

Avvalroq O‘zbekiston sanksiyalar xavfi sababli sellyuloza eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishi haqida xabar berilgandi.