Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida yong‘in natijasida yetkazilgan zarar uchun tovon puli undirish tartibini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari — shtab boshlig‘i polkovnik Sanjar Zuparov qonunchilikda ayrim huquqbuzarliklar uchun fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash talabi belgilanmaganligi hamda 2009-yilda qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun hozirgi talablarga javob bermasligini qayd etdi. Bu esa qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga chiqarmoqda.

“Binolar fasadida yonish xavfi yuqori bo‘lgan qurilish materiallarining erkin ishlatilishi yong‘in xavfini oshirmoqda. Obyektlarni tekshirish va faoliyatini to‘xtatishga oid yumshoq tartiblar nazorat samaradorligini pasaytirmoqda, yong‘inga qarshi texnik talablar esa qonun darajasida belgilanmagan”, — dedi u.

Qonun loyihasi bilan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun quyidagi yangi mexanizmlar bilan to‘ldirilmoqda:

  • binolarning toifasidan kelib chiqib, texnik talablar, xususan, yonuvchan qurilish materiallarini ishlatishni taqiqlash;
  • yong‘in natijasida yetkazilgan zararni qoplashdan tashqari, aybdordan tovon undirish (tort law) institutini joriy etish;
  • obyektlarni yong‘in xavfsizligi talablariga mosligi bo‘yicha auditdan o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish;
  • bozorlar, savdo komplekslari, savdo-ko‘ngilochar markazlarini yong‘indan majburiy sug‘urta qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • hokimlarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligini oshirish;
  • loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha huquq va majburiyatlarini aniq belgilash.

Shu bilan birga, qonun loyihasida fuqarolarning yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlari doirasi ham kengaytirilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Bozorlar, savdo komplekslari, savdo-ko‘ngilochar markazlarini yong‘indan sug‘urta qilish majburiyatini bajarmaganlik, suyultirilgan uglevodorod gazini chakana sotish tartibini buzganlik hamda yolg‘on yoki noto‘g‘ri auditorlik xulosasini tuzish yoki sertifikatga ega bo‘lmasdan auditda ishtirok etganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilanadi.

Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillariga noqonuniy aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

2025-yilning oktabrida o‘tkazilgan taqdimotda prezident “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun bugungi kun talablariga javob bermasligini ta’kidlagandi. Shu bois xavf-xatarlarni oldindan baholab, imkon qadar tez va samarali harakat qiladigan proaktiv tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan.

Avvalroq Spot eski avtomobillarni yangisiga almashtirishda fuqarolarga moliyaviy yengillik berilishi haqida yozgandi.