Instagram platformasi o‘zining TV ilovasini AQSHdagi Google TV qurilmalarida ishga tushirdi. Bu haqda Tech Crunch nashri xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqning televizorlar uchun ilovasi dekabr oyida Amazon Fire TV’da taqdim etilganidan ikki oy o‘tib, AQSHda Google TV qurilmalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirmoqda.
Dastlab Reels’ni mobil qurilmalardan tashqarida ko‘rish imkoniyatini kengaytirish uchun ishga tushirilgan ushbu ilova yordamida endi foydalanuvchilar o‘z Instagram tasmasidagi postlarni bevosita televizorlarida ko‘ra oladilar.
TV formatidagi videolarni joriy etish orqali Instagram televizion bozorda katta ustunlikka ega bo‘lgan YouTube bilan raqobatni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Instagram tomoshabinlar divanda kontent tomosha qilayotganda, xuddi telekanallarni almashtirgandek, o‘zining TV ilovasiga o‘tishlarini istaydi. Raqobatchi TikTok ham televizor uchun ilovaga ega.
Yangi ilova har bir foydalanuvchi uchun shaxsiylashtirilgan, chunki u Instagram’da foydalanuvchiga yoqqan kontent va mualliflarga asoslangan videolarni namoyish etadi.
Videolar komediya, musiqa va turmush tarzi kabi mavzular bo‘yicha kanallar hamda toifalarga ajratilgan.
Reels videolari avtomatik tarzda ijro etiladi, ya’ni keyingi videoni ko‘rish uchun lentani doimiy aylantirib o‘tirish shart bo‘lmaydi. Instagram’ning televizorlar uchun mo‘ljallangan ilovasi Reels videolariga layk bosish, izohlarni ko‘rish va ularni ulashish imkonini beradi.
Foydalanuvchilar ilovani Instagram bilan sinxronlashtirib, bitta akkauntga beshtagacha profil qo‘shishlari mumkin. Yoki ular teledasturlarni tomosha qilish uchun maxsus yangi akkaunt yaratishlari ham mumkin.
Avvalroq Spot Instagramda “Yaqin do‘stlar” ro‘yxatidan o‘zini olib tashlash funksiyasi paydo bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.
Ta’kidlanishicha, bu funksiya hozircha dastlabki ishlab chiqish bosqichida bo‘lib, ommaviy tarzda sinovdan o‘tkazilmayapti.