TBC Uzbekistan raqamli bank ekotizimi aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Investorlar uchun strategiya kunida ma‘lum bo‘ldi. Unda TBC Bank Group O‘zbekistondagi biznesni 2030-yilgacha rivojlantirish rejalarini taqdim etdi.
Tadbirda BlackRock, Vanguard, JP Morgan Asset Management, Schroders va Fidelity International kabi xalqaro investorlar hamda O‘zbekiston hukumati vakillari, jumladan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirok etdi.
TBC Uzbekistan‘ning 2030-yilgacha bo‘lgan maqsadlari:
- har oyda 10 mln faol foydalanuvchi (2025-yilda — 6 mln);
- $3 mlrd dan ortiq kredit portfeli ($946 mln);
- $250 mln sof foyda ($46 mln);
- besh yil ichida TBC Bank Group umumiy sof foydasiga 25% hissa qo‘shish (hozirda — 9%).
“O‘zbekistondagi biznesning alohida listingi — bu ushbu biznes qiymatini maksimal darajada oshirish maqsadida biz ko‘rib chiqayotgan bir nechta variantlardan biri, xolos”, — dedi TBC Digital boshqaruv kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi va TBC Group xalqaro yo‘nalishi rahbari Oliver Hyuz.
Taqdimotga ko‘ra, TBC Uzbekistan kriptoaktivlar, shuningdek, mahalliy va xorijiy qimmatli qog‘ozlarni o‘z ichiga olgan investitsiyaviy mahsulotlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, kompaniya avtomobil, salomatlik va sayohat uchun sug‘urta mahsulotlarini joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.

2026-yilning ikkinchi choragida TBC Auto avtokreditlash xizmatini ishga tushirish rejalashtirilgan. Kompaniyaning ta‘kidlashicha, mamlakatda avtomobillashuv darajasi past — har 1000 kishiga 100 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, birgina 2025-yilning o‘zida avtomobil savdosi bo‘yicha 1 mlndan ortiq bitim amalga oshirilgan.
Ayni paytda, an‘anaviy avtokreditlash faoliyat yuritayotgan banklarning faqat uchdan bir qismida mavjud bo‘lib, aksariyat jarayonlar dilerlik markazlariga jismonan borishni talab qiladi.
TBC garov ta‘minotini baholashning o‘z tizimini joriy etish, shuningdek, qo‘shimcha hujjatlar talab qilmasdan, o‘sha kunning o‘zida mablag‘ ajratadigan onlayn tasdiqlash tizimini yo‘lga qo‘yish niyatida. Ilovada, shuningdek, an‘anaviy oflayn rasmiylashtirish jarayonidan o‘tish mumkin bo‘lgan dilerlik markazlari ro‘yxati ham paydo bo‘ladi.
Kelajakdagi rejalar qatoriga “avtomobillar bilan bog‘liq barcha narsani moliyalashtirish” kiradi: dilerlar orqali xarid qilish, jismoniy shaxslar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P-bitimlar, avtokreditlar, lizing, qo‘shimcha narx bilan muddatli to‘lov, qayta moliyalashtirish xizmatlari va avtomobil garovi evaziga naqd pulda kredit berish.
2027-yilda TBC Uzbekistan barcha platformalarni (TBC Bank, Payme va BILLZ) o‘zida birlashtirgan yagona obunani yaratishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Centrum Air IPO oldidan $2 mlrd baholash bilan $600 mln jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.