Filippinning Axborot va kommunikatsiyalar texnologiyalari vazirligi (DICT) Pavel Durov asos solgan Telegram messenjerini bloklash ehtimolini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat axborot va kommunikatsiyalar vaziri Genri Aguda DZRH telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, noqonuniy qimor o‘yinlari bilan shug‘ullanuvchilar faoliyatini Telegram’ga ko‘chirgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, platforma pornografik materiallar tarqatishda ham qo‘llanmoqda.
Shuningdek, messenjerning bloklanishiga qimor o‘yinlari, dipfeyklar va moliyaviy firibgarlik sxemalarining tarqalishiga hissa qo‘shayotgani sabab qilib ko‘rsatildi.
Aguda DICT Telegram rahbariyati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini, bu esa messenjerda mahalliy qonun-qoidalarni qo‘llashni murakkablashtirayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, vazir boshqa platformalar vakillari bilan ham noqonuniy faoliyatlarga qarshi kurashish masalalarida muzokaralar o‘tkazilganini bildirdi.
“Erishilgan kelishuvlar tafsilotlari oshkor etilmaydi. Agar ushbu platformalarda internet orqali bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlik aniqlansa, odamlar mendan norozi bo‘lishi mumkin, biroq baribir bunday platformalarni bloklayman”, — dedi u.
Vazir, shuningdek, departament duch kelayotgan boshqa muammolar — dipfeyk texnologiyalari va moliyaviy firibgarlik sxemalari kengayib borayotganini qayd etdi.
Ayniqsa, shubhali mahsulotlar savdosi bilan bog‘liq firibgarliklardan ko‘pincha yoshi katta fuqarolar jabr ko‘rmoqda.
Avvalroq Spot Rossiyada Pavel Durovning xatti-harakatlari yuzasidan jinoiy ish ochilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Telegram asoschisi tilga olingan ish terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish bilan bog‘liq hisoblanadi.