WhatsApp ilovasining iOS uchun mo‘ljallangan eng so‘nggi sinov (beta) versiyasida xabarlarni oldindan belgilangan vaqtda yuborish funksiyasi paydo bo‘lishi mumkinligi aniqlandi. Bu haqda WABetaInfo nashri xabar berdi.
Agar u chiqsa, foydalanuvchilar chatlarda xabarlarni muayyan vaqt va sanaga rejalashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Rejalashtirilgan xabarlar alohida bo‘limda paydo bo‘ladi, ularni yuborishdan oldin istalgan vaqtda o‘chirish mumkin. Bu holatda qabul qiluvchi bildirishnoma olmaydi.

WABetaInfo‘ning fikricha, bu funksiya ham shaxsiy, ham guruh chatlarida ishlaydi. Nashrning aniqlik kiritishicha, hozirda messenjer ushbu funksiya ustida ishlamoqda, shundan so‘ng uni beta-testerlar sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
2025-yil fevral oyida Instagramda rejalashtirilgan xabarlar yuborish funksiyasi paydo bo‘ldi. Telegramda u 2019-yildan beri, iMessage’da esa 2024-yildan beri mavjud.
Avvalroq WhatsApp messenjeri Rossiyadagi bloklanishga izoh bergandi.
Qayd etilishicha, WhatsApp’ning bloklanishi davlatning odamlarni kuzatuvdan himoyalanmagan boshqa messenjerga o‘tishga majburlashga urinishidir.
Shuningdek, WhatsApp shaxsiy va xavfsiz muloqot huquqisiz 100 mlndan ortiq foydalanuvchini izolyatsiya qilish Rossiyada odamlar xavfsizligining pasayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan orqaga qadam ekanligini ta’kidladi.
WhatsApp foydalanuvchilar aloqada qolishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etmoqda, deya ma’lum qildi messenjer vakillari.
11-fevral kuni Roskomnadzor nazorati ostidagi DNS-serverlardan WhatsApp domenlari yo‘qolgan, shu sababli messenjerga kirish Rossiya hududida amalda bloklangan.