Toshkent viloyatidagi banklardan birining mansabdor xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Bankning amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonada 72,95 mlrd so‘mlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni bartaraf qilib berishni vaʼla qilgan.
Bank xodimi bu ishni mazkur tizimda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qilmoqchi bo‘lgan. Buning evaziga esa $110 ming talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori kelishilgan puldan $30 ming oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Pora berish juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Jarqo‘rg‘on tumanida bankomatlarga ajratilgan pulni o‘zlashtirgan shaxslar aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning maʼlum qilishicha, hududiy bankning bank xizmatlari markazi sobiq sho‘ba mudiri T.S. va nazoratchi kassiri S.N. pullarni o‘zlashtirgan.
Xususan, jami bankomatlardan 395,3 mln so‘m o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Qibrayda hokim yordamchisi $10 ming bilan ushlangandi.
