Samsung kompaniyasi Galaxy S26 smartfonlarini o‘z ichiga olgan Galaxy Unpacked taqdimotini o‘tkazdi.

Galaxy S26 va S26+

Ikkala smartfon ham 12 GB tezkor xotira va 256 GB yoki 512 GB xotiraga ega bo‘ldi. AQSHda qurilmalar Galaxy uchun Snapdragon 8 Elite Gen 5, Yevropada Exynos 2600 chiplari bilan jihozlanadi, deya aniqlik kiritdi Engadget.

S26 Dynamic AMOLED 2X ekranining diagonali 6,3 dyuym, Plus versiyasida esa 6,7 dyuym. Ikkalasida ham yangilanish chastotasi 120 Gs gacha, Vision Booster yorqinligini sozlash imkoniyati mavjud.

S26 akkumulyatorining sig‘imi 4300 mA·s ni tashkil etadi, u 25 Vt quvvatli simli va 15 Vt quvvatli simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. S26 Plus modelining akkumulyator sig‘imi esa 4900 mA·s ga teng, u 45 Vt quvvatli simli va 20 Vt quvvatli simsiz zaryadlash imkoniyatiga ega. Har ikki qurilma chang va suvdan IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan.

Kameralari bir xil: 50 megapikselli (f/1,8) asosiy, 12 megapikselli o‘ta keng burchakli (f/2,2), uch karra optik zumga ega 10 megapikselli teleobyektiv (f/2,4) va 12 MP (f/2,2) selfi-kamera. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ProScaler texnologiyasi va mDNIe mexanizmi yordamida suratlar yanada to‘yingan va tiniq, ranglar esa “haqiqiyroq” bo‘ladi.

Galaxy S26 smartfonlar turkumi Bixby, Gemini va Perplexity kabi yangilangan yordamchilarning funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya xabariga ko‘ra, Perplexity algoritmlari ba’zi ilovalarga, masalan, “Qaydlar”, “Soat”, “Galereya”, “Taqvim” va “Eslatmalar"ga integratsiya qilinadi.

Google’ning chat-boti, masalan, fon rejimida taksi yoki taom buyurtma qilishga yordam berishi mumkin, deb yozadi Android Authority. Agar zarurat tug‘ilsa, foydalanuvchi yordamchining barcha harakatlarini real vaqtda kuzatib borishi mumkin.

Funksiyaning beta-versiyasi dastlab AQSH va Janubiy Koreyada Uber, Uber Eats, DoorDash va Grubhub uchun taqdim etiladi.

Ikkala smartfon binafsha, qora, moviy rang va oq ranglarda ishlab chiqariladi.

galaxy s26, samsung, taqdimot

Kompaniya S26 va S26+ smartfonlari uchun oldindan buyurtma ochdi, ularning narxi mos ravishda $900 va $1100 dan boshlanadi. Sotuvlar 11-martdan boshlanadi.

Galaxy S26 Ultra

Smartfon Galaxy uchun Snapdragon 8 Elite Gen 5 chipida ishlaydi, 12 GB va 256 GB yoki 512 xotirani qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, 16 GB va 1 TB versiyasi ham mavjud.

Akkumulyator sig‘imi o‘zgarishsiz qoldi — 5000 mA·soat. 25 Vt simsiz quvvatlash va 60 Vt sim orqali quvvatlash imkoniyati mavjud. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi holatda 30 daqiqa smartfonni 75% gacha quvvatlantirishi mumkin.

Diagonali 6,9 dyuymli Dynamic AMOLED 2X ekrani 120 Gts gacha yangilanish chastotasiga hamda Vision Booster yorqinlikni sozlash texnologiyasiga ega. Chang va suvdan IP68 standarti bo‘yicha himoyalangan.

Kameralar: asosiy 200 megapikselli (f/1,4), o‘ta keng burchakli 50 MP (f/1,9), besh karrali optik zumli ikkita 50 MP (f/2,9) teleobyektiv hamda uch karrali 10 MP (f/2,4) teleobyektiv. Old kamera — 12 megapikselli (f/2,2). Yaxshilangan Nightography Video tungi videosyomka rejimi va APV videokodegini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati mavjud.

Model qatoridagi sun’iy intellekt vositalari orasida suratlardagi g‘ijimlar va barmoqlarni olib tashlaydigan “Hujjatlarni skanerlash” funksiyasi, shuningdek, matnli buyruqlar yordamida tahrirlash imkonini beruvchi yangilangan Creative Studio fotomuharriri mavjud.

Shuningdek, S26 Ultra smartfon ekranidagi shaxsiy ma’lumotlarni begona ko‘zlardan yashiradigan Privacy Display funksiyasi bilan jihozlandi.

S26 Ultra narxi $1300 dan boshlanadi va 2026-yilning mart oyida sotuvga chiqadi. Xaridorlar uchun binafsha, oq, qora va moviy ranglar mavjud.

galaxy s26, samsung, taqdimot