Qoraqalpog‘istondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik cheklandi. Bu haqda Hududgaz Qoraqalpog‘iston gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirda hududda ob-havoning pasayib ketishi natijasida magistral gaz tarmoqlarida gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda. Shundan kelib chiqib, birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
“Qoraqalpog‘istonda faoliyat ko‘rsatayotgan metan “zapravka"larga bosqichma-bosqich vaqtinchalik cheklovlar joriy etilmoqda. Bu vaziyat uzog‘i bilan 3−4 kun ichida ijobiy tomonga hal etiladi”, — deyiladi xabarda.
O‘zgidromet prognoziga ko‘ra, 26-fevral — 1-mart oralig‘ida Qoraqalpog‘istonda havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, asosan yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 28-fevralda ba’zi hududlarda yomg‘ir yoki qor yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi 26−27-fevralda — 2−7 daraja, 28-fevral — 1-martda 0−5 daraja sovuq, kunduzi 26−28 fevralda — 0−5, 1-martda esa 2−7 daraja iliq bo‘ladi.
Havo haroratining keskin pasayishi sababli 20-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi barcha AGTKSHlar faoliyati vaqtinchalik cheklangandi. Ikki haftalik tanaffusdan keyin — 2-fevraldan boshlab ular o‘z ishini belgilangan vaqtlarda davom ettirishni boshladi. 11-fevraldan esa barcha hududlar, jumladan vodiy viloyatlaridagi metan “zapravka"lar uchun kiritilgan cheklovlar to‘liq olib tashlandi.
Avvalroq Amerikaning Gulf kompaniyasi ikki yil ichida O‘zbekistonda 100 ta “zapravka” ochib, aviatsiyaga $150 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.