Shavkat Mirziyoyev President Tech Awards tanlovining umumiy mukofot jamg‘armasini 5 baravarga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda IT Park matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident bu qarorni 24-fevral kuni bo‘lib o‘tgan “Raqamli texnologiyalar yo‘nalishida eng yaxshi startap” loyihasi g‘oliblarini taqdirlash marosimida e‘lon qildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, tanlovning mukofot jamg‘armasi $5 mlnni tashkil etadi.

Shundan $1 mlni g‘oliblarga grant shaklida beriladi. Yana $4 mln venchur investitsiyalari sifatida taqdim etiladi.

Moliyalashtirishni ko‘paytirish startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yosh dasturchilarni rag‘batlantirish va texnologik tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, dedi prezident. Bu loyihalarni kengaytirish va qo‘shimcha resurslar bilan ta‘minlash imkonini beradi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, President Tech Awards tanlovining 2024-yilgi mavsumida 6 ming kishi ishtirok etgan. Jamoalar soni tanlovning birinchi yiliga nisbatan deyarli ikki barobarga ko‘payib, 862 taga yetgan.

“Biz kichik startaplar katta-katta loyihalarga, daromadli biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Buning uchun har bir startapchi bilan muloqot qilish, unga kerakli yordamni ko‘rsatish lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2022-yilda prezidentning IT sohasi vakillari bilan muloqoti chog‘ida Inha universiteti talabasi hamda Tahrirchi (Tilmoch) xizmati jamoasi a‘zosi Yasmina Ablayeva O‘zbekistonda texnologik loyihalar tanlovini tashkil etishni taklif qilgan edi. Davlat rahbari g‘oyani qo‘llab-quvvatlab, mukofot jamg‘armasi miqdorini $1 mln etib belgilagan edi.

Spot, avvalroq, yoshlar yaratgan 63 ta startap loyihasi rivojlangan davlatlar bozoriga chiqqani haqida yozgandi.