Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz tumanidagi Tomorqa maktabi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti bilan tanishdi.

Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va aholining talabini tezkor ta‘minlash mumkinligi ta‘kidlandi.

Prezident bu yo‘nalishga yana-da ko‘proq e‘tibor qaratish, bunda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta‘kidladi.

Tomorqa maktabi aholini o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritmoqda.

Bu yerda ishsiz va kam taʼminlangan oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Mazkur jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy ravishda o‘rgatilmoqda.

Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan bo‘lib, uning tarkibida o‘quv binosi, uch gektar issiqxona hamda uch gektar o‘quv-tajriba maydoni mavjud.

Issiqxonada Surxondaryo sharoitiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulg‘or qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, ko‘chatchilik va gulchilik yo‘lga qo‘yilgan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.

Maktabda Surxondaryo sharoitida bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘qitilmoqda. O‘quv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.

Shu paytga qadar 1300 nafarga yaqin ishsiz va kambag‘al oila aʼzosi maxsus kurslarni tugatib, o‘z tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha tomorqa va ijara yer egalarini o‘qishga yo‘naltirmoqda. Tinglovchilar uchun yo‘llanma yoki vaucher tizimi orqali o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.

Kursda qatnashuvchilarga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan o‘rtacha 10−15 mln so‘m daromad olish metodikasi amaliyotda ko‘rsatiladi. Agrostar kompaniyalari esa tinglovchilarni urug‘ va ko‘chatlar bilan taʼminlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.

Davlat rahbari maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bog‘lar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratish, hudud uchun yangi bo‘lgan o‘simliklar, shu jumladan sitrus va tropik mevalar yetishtirishni o‘zlashtirish muhimligini ta‘kidladi.


Avvalroq Surxondaryoda chiqindi yoqish zavodi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.