Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trln so‘mga yetdi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4820 taga yetkazilib, 18,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi.
$2,1 mlrd qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Dunyoning 37 davlatiga $483 mlnlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.
Davlat rahbariga taqdimot qilingan loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim, xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.
Umumiy qiymati qariyb $1,6 mlrd bo‘lgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.







Davlat rahbari investorlar bilan suhbatlashdi. Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati $7,1 mlrd bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, tog‘-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.
Jumladan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mahalliy investorlar ishtirokida $741 mlnlik 13 ta loyiha ishga tushirildi.
Shuningdek, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Afg‘oniston davlatlari bilan hamkorlikda $6,3 mlrdlik 31 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 82 trln so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida $1,4 mlrdlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Avvalroq Surxondaryoda suv taʼminoti qanday yaxshilanayotgani haqida xabar berilgandi.






