Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida To‘palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu $287 mlnlik megaloyiha suvi taʼminoti sohasida erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.
Mazkur tashabbus doirasida o‘tgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.
Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov 8−9 yil oldin 47% ni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu 67,5% ga yetgan. Natijada aholining suv taʼminotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.
Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qo‘llab-quvvatlash har jihatdan zarurligini taʼkidladi. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qo‘llash mumkinligiga eʼtibor qaratdi.




Texnik jihatdan loyihaning “katta yutug‘i” 246 km magistral va ichki tarmoqning qurilishi bo‘lgani qayd etildi. Gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratilib, energiya sarfini keskin kamaytirish va tizimning barqarorligi taʼminlandi.
Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti. Bugungi kunda 223 ta mahallada suv taʼminoti mustahkamlandi. Uning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi.
Shimoliy suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratdi. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yo‘qotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tug‘ildi.
Suv taʼminoti yaxshilangani sababli hududlardagi 100 dan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.
Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 mln kVt/soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu 18,5 mlrd so‘m mablag‘ va resurslarni tejash imkonini beradi. Isteʼmolchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirib, qarzdorlikni kamaytirgan.
Bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kVt/soat quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi.
Davlat rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya ko‘rsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda hali yechilmagan suv taʼminoti masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Surxondaryoda sitrus va tropik mevalarni yetishtirish o‘zlashtirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.



