Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi Angren shahrida faoliyat yurituvchi Angren issiqlik elektr stansiyasi murojaati asosida tekshiruv o‘tkazdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganishlar natijasida Yerostigaz tomonidan 2024-yilning fevralida yetkazib berilgan gaz uchun amaldagi 135,9 ming so‘mlik tarif o‘rniga belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmasdan oshirilgan 265,5 ming so‘mlik tarif qo‘llangani aniqlandi.

Shu orqali kompaniya 1,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni asossiz olgan. Shuningdek, mart oyida 12 kun davomida qariyb 1 mlrd so‘m asossiz hisoblangan.

Jami asossiz olingan mablag‘ miqdori 2,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi mazkur holat yuzasidan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun hamda hukumat qarori (239-son) bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilgani alomatlari bilan ish qo‘zg‘atdi.

Yakunda kompaniyaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu bilan birga, asossiz hisoblangan 2,8 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ni yakuniy isteʼmolchiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.

Ayni paytda mazkur ish sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Umra reklamasi uchun yana ikki turoperatorni jarimaga tortgandi.