O‘zbekistonda noqonuniy poygalar uchun javobgarlik joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida ma’lum qilindi.

Vazirlik tomonidan noqonuniy poygalarni tashkil qilgan va unda ishtirok etganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

“Bugungi kunda yo‘llarda noqonuniy tashkil etilayotgan poygalar yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligiga, aholining osoyishtaligiga jiddiy xavf solib, inson o‘limigacha bo‘lgan o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Bu esa, aholining, shu jumladan yo‘l harakati ishtirokchilarining haqli e’tirozlari va xavotirlariga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, Adliya vazirligi yo‘llarda noqonuniy poygalarni tashkil etish oqibatida vujudga kelayotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi

Loyiha joriy yilning 17-fevral kuni manfaatdor vazirlik va idoralarga kelishish uchun chiqarilgan. Vazirlik belgilangan tartibda kelishilganidan so‘ng, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 128−10-modda (Yo‘l bezoriligi) bilan to‘ldirilganini eslatdi.

Unda boshqa transport vositalari harakatiga qasddan to‘sqinlik qilish, sababsiz drift qilish, harakatlanish yo‘nalishini sababsiz uch va undan ortiq uzluksiz o‘zgartirish yoki yo‘l harakati ishtirokchilari harakatiga tahdid soluvchi yoxud boshqalarga nisbatan hurmatsiz xatti-harakatlarni sodir etish avtomobilni boshqarish huquqidan 1 yildan 2 yilgacha mahrum qilib, BHMning 25 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan yoki undan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilsa, BHMning 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

“Mana, tayyor modda — jarimasini to‘lasin-da, 1−2 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinsin. Noqonuniy poygalarni tashkillashtirgani va unda qatnashgani uchun qandaydir qo‘shimcha modda kiritilishini kutib o‘tirishning nima keragi bor?”, — deb yozdi u.

Avvalroq yong‘in uchun aybdorlardan tovon undirish tartibini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Deputatlar yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun majburiy sug‘urta va audit tizimini joriy etish hamda javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.