O‘tgan yilning sentabrida Toshkent viloyatidagi ayrim bog‘chalarda yuzlab tarbiyalanuvchilar ommaviy zaharlanishi ortidan 7 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Oliy sud matbuot xizmati ushbu ish yakunlari bo‘yicha maʼlumot berdi.

Ta‘kidlanishicha, mazkur ish bo‘yicha 11 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular orasida Shark Milk Product korxonasi direktori, ta‘sischilari, bosh texnologi, texnologlari va laboranti, shuningdek Governess Business, Kinder Garden Group, Innavation Outsourcing Servise hamda Nishon invest korxonalari rahbarlari bor.

Gumonlanuvchilar 1982−2000-yillarda Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tug‘ilgan. Jinoyat ishi Bo‘ka tuman sudi ish yurituviga kelib tushgan.

Ayni paytda jinoyat ishini ko‘rishni tayinlash masalasi o‘rganilmoqda.

Gumonlanuvchilar Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi va 257−1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ularning 10 tasiga “qamoqqa olish” va 1 tasiga “uy qamog‘i” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida 2025-yilning 25-sentabr kuni ertalab ma’lum bo‘lgandi. Undan keyin viloyatdagi shifoxonalarga zaharlanishdan shikoyat qilgan bolalar soni 1922 nafarga yetgandi.

Keyinroq prokuratura O‘zbekistondagi bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib berilishini nazorat qilishi haqida xabar berilgandi.


Spot, avvalroq, Farg‘onadagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish yuz bergani haqida yozgandi.