WhatsApp rossiyalik foydalanuvchilarga Roskomnadzor blokirovkalarini chetlab o‘tish uchun VPN’dan foydalanishni tavsiya qila boshladi, deb aniqladi Kod Durova.

Messenjerda chatlar joylashgan bosh sahifada qo‘llab-quvvatlash xizmati sahifasiga o‘tadigan tugmali banner paydo bo‘ldi.

Ma’lumotnoma markazi sahifasida WhatsApp’ga ulanishda muammolar yuzaga kelgan holatlar uchun asosiy tavsiyalar keltirilgan. Bunday banner faqat Rossiya telefon raqamlarida ko‘rinadi.

rossiya, vpn, whatsapp

Tavsiyalar ikki platforma — Android va iOS uchun berilgan. Har ikkala holatda ham Meta boshqa Wi-Fi tarmog‘i yoki mobil internetdan foydalanishni tavsiya qiladi, bu odatiy tavsiya hisoblanadi. Biroq shundan so‘ng kompaniya VPN orqali ulanish yoki proksi-serverdan foydalanishni ham taklif etadi.

WhatsApp foydalanuvchilarga proksi-serverlarni internetdan mustaqil ravishda izlashni tavsiya qiladi hamda proksini faollashtirish bo‘yicha yo‘riqnomani ham taqdim etadi.

Rossiyada11-fevral kuni Roskomnadzor nazorati ostidagi DNS-serverlardan WhatsApp domenlari yo‘qolgan, shu sababli messenjerga kirish Rossiya hududida amalda bloklangan.

Ertasi kuni messenjer rahbariyati WhatsApp’ning bloklanishi — bu davlatning odamlarni kuzatuvdan himoyalanmagan boshqa messenjerga o‘tishga majburlashga urinishi ekanini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot Roskomnadzor Rossiya hududida Telegram ishini rasman sekinlashtira boshlagani haqida xabar bergandi.

Messenjer asoschisi Pavel Durov idoraning harakatlariga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Kreml rossiyaliklarni “davlat nazoratidagi, kuzatuv va siyosiy senzura uchun yaratilgan ilovaga” (ehtimol, Max messenjeri nazarda tutilmoqda — Spot izohi) o‘tishga majburlamoqchi.

Durov Eronning sakkiz yil oldin Telegramni “o‘ylab topilgan sabab bilan” bloklab, aholini davlat muqobiliga o‘tkazishga urinishini ta’kidladi. Biroq, eronliklarning aksariyati messenjerdan foydalanishda davom etmoqda va cheklovlarni chetlab o‘tmoqda, dedi u.