Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli O‘zbekiston Umra safarini vaqtincha kechiktirmoqda. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga ushbu hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik, o‘sha yerlarda bo‘lib turgan vatandoshlarga esa ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.
“Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi”, — deyiladi xabarda.
Xususan, 2-mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan rejalashtirilgan Toshkent-Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldiriladi.
Aviaqatnovlar qayta tiklanishi haqida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha axborot beriladi. Idora fuqarolardan ushbu holatni to‘g‘ri qabul qilishni hamda rasmiy ma’lumotlarga tayanib ish yuritishni so‘radi.
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.
Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistoni 21-martdan boshlab Umra vizasi berishni vaqtincha to‘xtatishi haqida yozgandi. Cheklovlar ziyoratchilar oqimini tartibga solish uchun vaqtinchalik chora bo‘lib, asosiy haj tugagunga qadar davom etadi.