28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshladi. Hujumlar butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab obyektlarga ta’sir qildi. Bunga javoban Tehron Isroil hududi va Yaqin Sharq mintaqasida joylashgan AQSH harbiy obyektlariga raketa zarbalari berdi.

Vaziyatning keskinlashuvi natijasida neft narxlari 2-mart, dushanba kuni savdolarni keskin o‘sish bilan boshladi. Bu haqda RBC nashri xabar berdi.

Toshkent vaqti bilan soat 02:00 dagi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, Londonning ICE Futures birjasida Brent neftning may oyi fyucherslari narxi 13,04% ga ko‘tarilib, bir barrel uchun $82,37 ga yetdi.

Keyinchalik o‘sish 8,93% gacha sekinlashdi va neft bir barrel uchun $79,38 dan sotildi. Investing.com ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar 4% dan ortiq o‘sish bilan $77,40 atrofida shakllanmoqda.

The Guardian nashrining yozishicha, jahon savdosi uchun eng muhim arteriyalardan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi neft ta’minoti bilan bog‘liq xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

Dunyo neftining qariyb 20%i va asosan Qatardan eksport qilinadigan katta hajmdagi suyultirilgan tabiiy gaz aynan shu yo‘l orqali o‘tadi. 1-mart kuni Eron tankerlar “keyingi ogohlantirishgacha” harakatlanishi uchun bo‘g‘ozni ochdi.

Barclays tahlilchisi Ajay Rajadhyaksha neft bozoridagi uzilishlar Brent neftining bir barrel uchun $100 dan oshib ketishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi. Agar narx $120 da mustahkamlansa, bu jahon iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazadi.

Boshqa tahlilchilar esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bir necha hafta davomida to‘sib qo‘yilsa, Brent neftining narxi $150−200 gacha ko‘tarilishi mumkinligini bildirdi. Biroq, bu amalga oshish ehtimoli past bo‘lgan ssenariydir.

Bundan tashqari, Tokioda Nikkei 225 indeksi 2,4% ga pasayib, keyinchalik yo‘qotishlarini qisqartirdi va 1,5% past darajada savdo qildi. Bozor oldi savdolari Wall Street ham dushanba kuni pasayish bilan ochilishi mumkinligini ko‘rsatdi. Sidneyda S&P/ASX 200 indeksi 0,4% ga, Shanxayda esa CSI 300 0,6% ga pasaydi.

Inqiroz davrlarida investorlar tomonidan ko‘pincha xavfsiz aktiv sifatida qaraladigan oltinning bir unsiyasi 2,8% ga qimmatlab, $5397,10 ni tashkil etdi.

Avvalroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Umra safarini vaqtincha kechiktirgani haqida xabar berilgandi.