Qozog‘istonda go‘sht narxi qo‘shni davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga faol eksport qilinayotgani sababli yuqoriligicha qolmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerbol Tasjurekov brifingda ma’lum qildi, deya xabar berdi Belles.kz.
Jurnalistlar vaziri o‘rinbosaridan chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlariga milliardlab mablag‘ kiritilgan bo‘lsa-da, nima uchun qozog‘istonliklar narxlarning pasayishini hali ham his qilmayotganini so‘rashdi.
Yerbol Tasjurekov Qozog‘istonda go‘sht tanqisligi yo‘qligi, Qozog‘iston mol go‘shtining katta qismi xorijga ketayotgani sababli narxlar yuqoriligicha qolayotganini aytdi.
“Yaqin atrofdagi davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga katta eksport ketmoqda. Chunki bizning go‘sht mahsulotimiz katta talabga ega — bu bizning raqobatdosh ustunligimiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Shu sababli, uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy chorvadorlar ko‘proq eksport qilishga intilmoqda, biroq vazirlik ichki bozorni ta’minlashni birinchi o‘ringa qo‘yishda davom etmoqda.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda iste’mol qilinadiganidan ko‘ra ko‘proq mol go‘shti ishlab chiqariladi.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 430 ming tonnaga yaqin go‘sht ishlab chiqariladi, bozorning ehtiyoji esa 400 ming tonnani tashkil etadi.
“Ya'ni ta’minotdan tashqari yana 30 ming tonnaga yaqin eksport salohiyati mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi Tasjurekov.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari o‘rinbosari yaqin uch yil ichida mamlakatda chorvachilikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradigan kompleks reja qabul qilinishiga ishontirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda go‘sht importi uchun veterinariya ruxsatnomalarini rasmiylashtirish jarayoni soddalashtirilishi haqida yozgandi.
Xorij eksportchilar ro‘yxatiga kirmagan korxonalar zarur hollarda 1 yilgacha muddatga ruxsatnomalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.