Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xodimi $100 ming olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikning Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Qarshi shahridagi nodavlat oliy ta’lim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish uchun litsenziya berish masalasini “qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish"ni va’da qilgan. Evaziga mazkur universitet mansabdor shaxsidan $100 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, vazirlik mutaxassisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
2025-yilning avgust oyi oxirida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 5 ta xususiy texnik xatolik sababli litsenziyalar berilganini ma’lum qildi. Biroq Adliya vazirligi “Litsenziya” tizimida texnik nosozliklar kuzatilmagani va tizim shtat rejimida ishlayotganini bildirdi.
Undan keyin Spot universitetlar vakillari, jumladan, litsenziyasi savol ostida qolayotganlar bilan suhbatlashib, nega bunday vaziyat kelib chiqqani va oliy ta’lim muassasalari bundan keyin qanday yo‘l tutushi mumkinligini muhokama qildi.
Avvalroq xalqaro taʼlim dasturlarini o‘qitayotgan texnikum xodimlariga ustama to‘lanishi haqida xabar berilgandi. Yangi nizom texnikumlarda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etishda moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilaydi.