Oliy Majlis Senati shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytardi. Bu haqda 5-mart kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.

Matbuot anjumanida Spot jurnalisti 2025-yil sentabr oyida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi haqida savol berdi. O‘tgan yilning oktabr oyida Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni dastlabki tarzda muhokama qilib, “tegishli qarorlar” qabul qilgan edi. Shundan so‘ng qonun loyihasining keyingi taqdiri borasida hech qanday rasmiy xabarlar berilmagandi.

Biroq rasmiylar shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi borasidagi savolga javob bermadi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov masala ko‘tarilgan vaqtda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga Senat hujjatni qaytarganini sekin aytdi. Suhbatning bir qismi (tahririyat ixtiyorida) ular o‘rtasiga qo‘yilgan mikrofonga tushib qolgan.

“Senat [renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini palataga] qaytargan. Aholi roziligini 100% olishning iloji yo‘q-ku”, — dedi u.

Urbanizatsiya va uy-joy milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev esa vazirdan hozircha renovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun aholi zarur qismining roziligini olish masalasini ko‘tarmaslikni so‘radi.

qurilish, renovatsiya, uy-joy qurilish

Sherzod Kudbiyev (o‘rtada) va Sherzod Hidoyatov (o‘ngda). Foto: Qurilish vazirligi

Fevral oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Spot’ga renova­siya to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatga yuborilgani va qaytarilmaganini ma’lum qilgandi. Qurilish vazirligi matbuot xizmati esa renova­siya masalasi 2025-yilning noyabr oyida tashkil etilgan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi vakolatiga o‘tkazilganini bildirgan. Adliya vazirligi matbuot xizmati esa tahririyat so‘roviga javob bermagan.

Spot’ga ma’lum bo‘lishicha, mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qaytarilgan va qayta ishlangan. Hujjat Senatning navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Prezidentning 24-fevraldagi (PQ-73) qaroriga ko‘ra, investitsiya kompaniyalari tomonidan kompleks qurilish hududlaridagi ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining kamida 80%i bilan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari tuzilgandan so‘ng kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladi.

“Kelishuvga erishilmagan va kompensatsiya turi va summasi yuzasidan norozi bo‘lgan qolgan mulkdorlar bo‘yicha investitsiya kompaniyasi tomonidan boshqa mulkdorlar bilan tuzilgan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari asosida shakllangan o‘rtacha bozor narxi miqdorida kompensatsiya summasini belgilash to‘g‘risida sudga da’vo arizasi kiritiladi”, — deyiladi hujjatda.

Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi dastlabki qonun loyihasida uy-joy mulkdorlarining 100% roziligini olish majburiyligi nazarda tutilgan edi. Shu bilan birga, aholi yoki investorlar tomonidan renovatsiya loyihasini boshlash uchun huquq egalarining kamida 80% notarial tasdiqlangan roziligini oldindan to‘plash kerak.

Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar ijtimoiy soliqni to‘lashda budjet hisobidan ipoteka kreditlari olishlari mumkinligi haqida yozgandi.