Avvalroq Spot Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 6-mart kuni prezident ishtirokida bayram tadbiri o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandi.
Unda xotin-qizlar o‘z uyida biznes boshlashi uchun yangi dastur joriy etilishi, Daromadli ayol dasturi doirasida 50 ming ayol kasanachilik va hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda tadbirkorlikka jalb qilinishi haqida ma’lum qilindi.
Shuningdek, tadbirda yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi.
Top 300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.
Endilikda har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi.
Bunda har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 mln so‘mgacha grant beriladi.
Maktabning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘ladi.
Turli sabablarga ko‘ra bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan ayollar ham shu yurtning fuqarolari ekani ta’kidlandi. Ularni ijtimoiy hayotga qaytarish, jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylantirish to‘g‘risida ham jiddiy o‘ylash kerakligi qayd etildi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan ayollarning ko‘pchiligi o‘rta ma’lumotli, kasbi yoki hunari yo‘q. Ayrimlari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagini bildirgan.
Shu bois, bunday xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha “Yangi hayot” dasturi boshlanadi. Ular 3−6 oy kasb dasturlarida o‘qitilib, sertifikat oladi.
Shuningdek, mahkumalarga muassasalarning o‘zida imtihon topshirib, oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyati yaratib beriladi.
Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga jazoni o‘tab, ishga joylashgandan keyin qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.