WhatsApp “Plus” deb nomlangan premium tarifni faol ravishda ishlab chiqmoqda. Yangilik hozirda beta-sinov bosqichida. Bu haqda Androidpolice nashri xabar berdi.

Ilovaning asosiy funksionalligi barcha foydalanuvchilar uchun bepul bo‘lib qoladi. Pulli obuna esa Telegram Premium’ga o‘xshash modelda ishlab, qo‘shimcha imkoniyatlarni taklif etadi.

Yangi xususiyatlardan biri eksklyuziv ovozli bildirishnomalar bo‘ladi. Obunachilar uchun “Arpeggio”, “Chirp” va “Journey” kabi o‘nta noyob ringtonga kirish imkoni ochiladi.

Foydalanuvchilar har bir kontakt uchun ovozlarni alohida sozlashi mumkin. Bu esa smartfon ekraniga qaramasdan, qo‘ng‘iroq aynan kimdan kelayotganini eshitib bilish imkonini beradi.

Tashqi ko‘rinishni moslashtirish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayadi. Obuna egalari standart yashil ikonkani 15 ta variantdan biriga, jumladan, hajmli va oq-qora turlariga almashtira oladi.

Ilova interfeysini ham 19 ta rangli mavzudan birini tanlab, o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Mavzu o‘zgartirilganda tugmalar va qalqib chiquvchi menyular rangi o‘zgaradi, biroq chatlarning foni alohida sozlanadi.

Shuningdek, obuna qadab qo‘yiladigan dialoglar limitini oshiradi. Foydalanuvchilar uchta chat o‘rniga ro‘yxatning yuqori qismiga birdaniga 20 ta suhbatni qadab qo‘ya oladi.

Kelajakda dasturchilar pulli obunachilar uchun boshqa cheklovlarni ham bekor qilishi mumkin. Gap statuslar davomiyligi va uzatiladigan fayllar hajmini oshirish haqida ketmoqda.


Avvalroq Spot WhatsApp rejalashtirilgan xabarlar yuborish funksiyasi ustida ishlayotgani haqida yozgandi.

Rejalashtirilgan xabarlar alohida bo‘limda paydo bo‘ladi, ularni yuborishdan oldin istalgan vaqtda o‘chirish mumkin.