Farg‘onada soliq inspeksiyasi xodimining noqonuniy harakati fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Farg‘ona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 10 gektar qishloq xo‘jaligi yerini namanganlik tadbirkorga ajratib berishni vaʼda qilgan.

U yerda kelgusida sayyohlik maskani tashkil etish uchun yer ajratishga $95 ming, uning toifasini o‘zgartirib berish evaziga $6 ming, jami $101 ming talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh inspektor oldindan $20 ming olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik juda ko‘p miqdorda) va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentda tuman hokimi yordamchisi pora bilan ushlangani haqida yozgandi.