Toshkentning Yashnobod tumani hokimligi mansabdorlari ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Tuman hokimining mahallalardan biridagi yordamchisi o‘zganing $5 mingini olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, hokim yordamchisi fuqaroning ko‘p qavatli uyning 1-qavatidagi turar joy xonadonini noturar joy toifasiga o‘tkazishga ruxsat olib berishni vaʼda qilgan. U bu ishni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali qilmoqchi bo‘lgan.

Tergovga qadar tekshiruvda hokim yordamchisi fuqaroning ishini Yashnobod tuman hokimiyati bo‘linma rahbari ko‘magida hal qilishi kerakligi maʼlum bo‘ldi. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu mansabdor shaxs $600 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28,211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fevral oyida Chust tuman hokimining mahalladagi yordamchisi ham yer sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingandi.

Avvalroq Toshkent IIBBning ikki xodimi pora bilan ushlangani haqida xabar berilgandi.