O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket yettinchi oy tarixiy maksimumni yangiladi. Bu haqda Markaziy bank ma‘lumotlarida keltirilgan.
1-mart holatiga ko‘ra, regulyator ixtiyoridagi xalqaro aktivlarning umumiy qiymati $77,08 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Zaxiralar bir oyda $2 mlrdga yoki +2,7% ga oshdi, yil boshidan beri esa 16,2% dan ko‘proqqa ko‘paydi.
Shu bilan birga, bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlangan davr — 2013-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘sish asosan oltin narxining oshishi va mamlakat zaxiralaridagi qimmatbaho metall hajmining ortishi hisobiga ta’minlangan.
Fevral oyida Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati ketma-ket sakkizinchi oy o‘z rekordini yangilab, $67,67 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan $2,69 mlrddan ortiqqa (+4,1%) oshdi.
Oltinning fizik hajmi ham 12,8 mlndan (398,1 tonna) 13,1 mln troy unsiyagacha (407,5 tonna) o‘sishni ko‘rsatdi. O‘tgan oyda regulyator zaxiralarni taxminan 0,3 mln troy unsiyaga (9,4 tonna) to‘ldirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning valyuta zaxiralari qisqarishda davom etmoqda — fevralda u $685,9 mlnga (-7,2%) qisqarib, $8,84 mlrdni tashkil etdi. Bunda xorijiy markaziy banklar va XVJdagi valyuta zaxiralari miqdori $1,2 mlrd, xorijiy banklarda esa $6,09 mlrd bo‘lgan.
Markaziy bank tomonidan sotib olingan xorijiy qimmatli qog‘ozlarning qiymati biroz oshib, $1,540 mlrdga yetdi. Oltin narxining keskin oshishi sababli ularning umumiy rasmiy zaxiralardagi ulushi 2% dan pastroqni tashkil etdi.
O‘zbekiston yanvarda oltinning dunyodagi eng yirik xaridoriga aylandi. Markaziy bank bir oyda 9 tonna oltin sotib oldi. Yil boshida markaziy banklarning oltin xaridi sekinlashdi.
Avvalroq O‘zbekiston rekord narxlar fonida oltin eksportini to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.