Pokiston banki O‘zbekistonda o‘z filialini ochish istiqbollarini o‘rganmoqda. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Islomoboddagi elchixona ko‘magida O‘zbekiston Markaziy banki va Pokistonning Sindh Bank vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Pokiston bank tizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Sindh Bank‘ning O‘zbekistonda filialini ochish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bank ijrochi direktori o‘rinbosari Asad Ali Shah O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida rivojlanayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.
Shu maqsadda u O‘zbekiston tijorat banklari bilan korrespondent bank munosabatlarini o‘rnatishga qiziqish bildirganini aytdi. O‘zbekiston tomoni Sindh Bank va mamlakatning yetakchi banklari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini maʼlum qildi.
Pokiston vakillari hamkorlikni dastlab RMA (Relationship Management Application) — banklar o‘rtasidagi munosabatlarni boshqarish tizimi orqali yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini taʼkidladi. Shuningdek, keyinchalik bank operatsiyalarini bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
O‘zaro savdo operatsiyalarini milliy valyutalarda amalga oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Maʼlum qilinishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan o‘zbek so‘mi va Pokiston rupiyasidan foydalanishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston banklari Yevropa, Xitoy, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlari banklari bilan mustahkam aloqalarga ega ekanligi aytildi. Bu Pokiston kompaniyalari uchun nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan savdo operatsiyalarini kengaytirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkinligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida zarur maʼlumotlar bilan almashishga kelishib oldi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning tegishli banklari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun navbatdagi onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston 2026-yilda davlat banklarini xususiylashtirishni rejalashtirmayotgani haqida xabar berilgandi.