Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kadastr xodimi va sobiq soliqchining noqonuniy harakatlari aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Davlat kadastrlari palatasining Samarqand viloyati boshqarmasi Pastdarg‘om tuman filiali kadastr muhandisi pora bilan ushlandi.

U fuqaroga 2 sotix yerning kadastr pasportini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishni vaʼda qiladi. Buning evaziga esa $2,5 ming olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda muhandisga nisbatan kinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalangan holda) va 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumani davlat soliq inspeksiyasining sobiq bosh inspektori ham firibgarlikda gumonlanmoqda.

U viloyat Iqtisodiy sudida ko‘rilayotgan iqtisodiy ish doirasida bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka nisbatan egalik huquqini tiklab bermoqchi bo‘ladi.

Buning evaziga fuqarodan 10 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalangan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Avvalroq Farg‘onada yer ajratish evaziga $101 ming talab qilgan soliqchi ushlangandi.