O‘zbekiston Chexiya bilan mehnat migrantlari uchun viza kvotalarini ajratishga kelishib oldi, deya xabar berdi Migratsiya agentligi matbuot xizmati.

Agentlik rahbari Behzod Musayev o‘tgan hafta oxirida Chexiyaning Toshkentdagi elchisi Lubomir Frebort bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Ularning mavzusi Chexiya mehnat bozori uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash va uyushgan migratsiyani rivojlantirish istiqbollari bo‘ldi.

Tibbiyot xodimlarini, jumladan, hamshiralar va keksalarni parvarishlash sohasida ishlaydigan xodimlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Chexiya hukumati har yili O‘zbekiston fuqarolari uchun 150 ta ishchi vizasi kvotasini ajratadi.

Chexiyalik diplomatlar xorijda ishlash uchun tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha Toshkentdagi o‘quv kurslari faoliyati bilan tanishishga qiziqish bildirdi. Tomonlar “Amaliy sheriklikni davom ettirish” to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

Yanvar oyida Shavkat Mirziyoyev xorijiy ishchi kuchini faol jalb qilayotgan bir qator mamlakatlardagi o‘zbekistonlik diplomatlarni tashabbus ko‘rsatmayotgani uchun tanqid qilgandi. Bu mamlakatlar qatoridan Avstriya, Chexiya, Fransiya, Ispaniya, Italiya va Saudiya Arabistoni o‘rin olgan.

Prezident Skandinaviya davlatlari bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqishni topshirdi. Shuningdek, Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va O‘mon bilan bu borada hukumatlararo va idoralararo bitimlarni rasmiylashtirish vazifasi qo‘yildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Bolgariya ishga qabul qilish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirishi haqida yozgandi.

Mexaniklar va yuk mashinalariga xizmat ko‘rsatish mutaxassislari malaka va vazifasiga qarab 2500 yevrogacha maosh olishi mumkin.