Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni qishloq va suv xo‘jaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Hozirgi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta taʼlim yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bandlik darajasi 93%ni tashkil etadi.

Shu bilan birga, muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash maqsadida dual taʼlim tizimini keng joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taklif etilgan yangi tizimga ko‘ra, talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘taydi.

Suvni tejash va samarali sug‘orish, kanallarni betonlash, smeta tuzish hamda kichik GESlar qurilishida, shuningdek qishloq xo‘jaligi texnikalarini tayyorlash va hosil yig‘ishtirishda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Mamlakat suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, suv resurslari sohasida diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani taʼkidlandi.

Universitetda tashkil etilgan “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul o‘rinlarini ko‘paytirish taklifi maʼqullandi. Bu dastur orqali qo‘shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ham maʼlum qilindi.

Xususan, dronlardan foydalanib, ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlashtirish, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi xizmatlarni, kosmik monitoring maʼlumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda universitetda dronlarni boshqarishga o‘qitish kurslari joriy etiladi, kosmik tadqiqotlar va sunʼiy yo‘ldoshlar laboratoriyasi, kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, universitetda raqamli boshqaruv va KPI tizimlarini joriy etish, taʼlimning uzluksiz “maktab-texnikum-universitet-ishlab chiqarish” zanjiri asosida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bo‘yicha rejalar ham maʼlum qilindi.

Taqdimot yakunida davlat rahbari qishloq va suv xo‘jaligi sohalari uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash hamda ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.


Avvalroq Spot AQSH kompaniyasi O‘zbekistonda Dron akademiyasini ochishni rejalashtiraytogani haqida yozgandi.

Kaizen Aerospace, Inc. bilan kelishuv doirasida qo‘shma korxona tashkil qilish hamda dronlarni agrar sohaga joriy etish ko‘zda tutilgan.