Havo harorati pasayishi sababli 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamalakat hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talab ortdi. Shu bois magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi kuzatilmoqda.
Bunday hollarda birinchi navbatda aholi xonadonlari, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
“Shu munosabat bilan, bugun, 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab mamlakatdagi metan „zapravkalar“ faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi”, deyiladi xabarda.
Energetika vazirligi mazkur choralar aholi va ijtimoiy soha obyektlarini barqaror gaz ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilganini qayd etdi.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda davom ettiriladi.
Avvalroq Amerikaning Gulf kompaniyasi ikki yil ichida O‘zbekistonda 100 ta “zapravka” ochib, aviatsiyaga $150 mln investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.