Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaydi, deb yozadi Variety nashri.
Mamlakatning Aloqa va raqamli texnologiyalar vazirligi 2026-yil 28-martdan boshlab 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarning akkauntlari o‘chirib qo‘yilishini ma’lum qildi.
Bu ishni “yuqori xavfli” platformalar: YouTube, TikTok, Facebook, Instagram, Threads, X, Bigo Live video striming xizmati va Roblox o‘yini amalga oshirishi kerak.
Taqiq barcha platformalar o‘z majburiyatlarini bajarguniga qadar bosqichma-bosqich joriy etiladi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
13 yoshgacha bo‘lgan bolalar faqat “o‘z yoshiga moslab ishlab chiqilgan” ijtimoiy tarmoqlardan foydalana oladi (nashr ularning qaysiligiga aniqlik kiritmagan).
13 dan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa “past xavfli” servislardan faqat ota-onasi roziligi bilangina foydalanishi mumkin.
Qoidabuzarliklar uchun oilalar emas, balki platformalar jazolanadi. NYT nashrining qayd etishicha, talablar ijrosi qanday nazorat qilinishi hozircha noma’lum. Sanksiyalar orasida “ogohlantirish, jarima solish, vaqtinchalik va doimiy bloklash” choralari bor.
Reuters agentligi keltirgan, 8700 nafar respondent ishtirokidagi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2024-yilda 280 mln aholiga ega Indoneziyada internetdan foydalanish darajasi 79,5%ni tashkil etgan. Bunda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 48%i, 12−27 yoshdagi foydalanuvchilarning esa 87%i internetdan foydalanish imkoniyatiga ega.
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
Yevropa parlamenti esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh cheklovlarini joriy etishni talab qilmoqda. Daniya 15 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, hukumat tomonidan bolalarni internetdan himoya qilish maqsadida yangi cheklov chorasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, Ispaniya va Gretsiya bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqidagi tadqiqot natijalari haqida yozgandi.
Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.