O‘zbekistonda IT viza berish tartibiga bir qator yangi talablar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlik IT sohasidagi xorijiy investor va mutaxassislar hamda IT Park rezidentlari ta’sischilariga tavsiya berish tartibi haqidagi nizomga o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Yangi tartibga ko‘ra, IT viza axborot texnologiyalari sohasidagi xorijiy investorlar va mutaxassislarga beriladi.

Shuningdek, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlarining ta’sischilari, ularning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini bajaruvchi shaxslar olishlari mumkin.

Shu bilan birga, kollegial ijro etuvchi organ raisi hamda ularning o‘rinbosarlari ham ushbu vizani olish huquqiga ega bo‘ladi.

Quyidagi shaxslarga ham IT-visa beriladi:

  • aqamli startaplar dasturi ishtirokchisi bo‘lgan startap loyihalar ta’sischilari (ishtirokchilariga) va mutaxassislariga;
  • oliy ta’lim tashkilotlarining axborot texnologiyalari sohasida fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DsC) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga.

Shunindek, IT-visa berish uchun bir qator yangi talablar belgilandi. Jumladan, xorijiy investor — O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxsni $30 ming ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda moliyalashtirishni amalga oshiruvchi yoki ushbu yuridik shaxsning ustav fondidagi ulushi miqdori kamida $30 mingni tashkil etishi kerak.

Texnopark rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning ta’sischisi (ishtirokchisi) bo‘lgan va ushbu yuridik shaxsning ustav fondidagi ulushi miqdori kamida $30 mingni tashkil etadigan jismoniy shaxs bo‘lishi belgilandi.


Avvalroq prezidentning startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.